Universitet talabalari va professor-oʻqituvchilari ishtirokida oʻtkazilgan madaniy va ma'rifiy tadbirlar haqida ma'lumotlar.
Qo‘qon davlat universitetida PES 2013 musobaqasi oʻtkazildi
Qo‘qon davlat universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talabalar o‘rtasida kompyuter o‘yinlari bo‘yicha navbatdagi musobaqa o‘tkazildi. Bu safar musobaqa mashhur PES 2013 futbol simulyatori asosida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
Musobaqa yuqori sport ruhida o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘zaro hurmat va do‘stlik tamoyillari asosida bellashib, har bir g‘alaba uchun katta ishtiyoq bilan kurashishdi. O‘yinlar davomida talabalarning tezkor fikrlash, strategik yondashuv va texnik mahorati namoyon bo‘ldi. Tomoshabin talabalar esa hayajon bilan ularini qo‘llab-quvvatlashdi.
Keskin va qiziqarli bahslardan so‘ng musobaqa g‘oliblari aniqlandi:
1-o‘rin – Yoqubjon Ahmadov
2-o‘rin – Dilshodbek G‘ulomov
3-o‘rin – Ayubxon Obidov
Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga faxriy diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Mukofotlarni universitet birinchi prorektori Ahmadjon Husanov shaxsan taqdim etib, yoshlarni erishilgan yutuqlar bilan tabrikladi va ularni kelgusida ham faol bo‘lishga undadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, bunday musobaqalar nafaqat dam olish, balki do‘stlik va jamoaviylik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Qoʼqon davlat universiteti
Qo‘qon davlat universitetida “Zamonaviy qizlar davrasi” bellashuvi bo‘lib o‘tdi
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Qo‘qon davlat universiteti Filologiya fakultetida talaba qizlar o‘rtasida “Zamonaviy qizlar davrasi” mavzusida ijodiy va bilimga asoslangan bellashuv o‘tkazildi.
Tadbirning maqsadi — yosh avlod, ayniqsa talaba-qizlarni zamonaviy bilimlar, kitobxonlik, tadbirkorlik g‘oyalari va iqtidorini namoyon etishga undash, ularni ma’naviy va intellektual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuv to‘rt shart bo‘yicha o‘tkazildi:
“Guruhni tanishtirish” — ishtirokchilar “Zamonaviy qiz kim?” mavzusida o‘z qarash va tasavvurlarini sahna ko‘rinishlari, she’r orqali ifodalashdi. Har bir jamoa zamonaviy ayolning bilimdon, faol, tashabbuskor va milliy qadriyatlarni qadrlaydigan obrazini yorqin aks ettirdi.
“Zamonamiz kitobxoni” — bu shartda talabalar kitobxonlik bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib, o‘qigan asarlari, mualliflar hayoti va ijodi haqida javob berdilar. Shu orqali kitob o‘qishning inson tafakkuri va dunyoqarashini boyitishdagi ahamiyatini targ‘ib qildilar.
“Biznes g‘oya (yoki StartUp g‘oya)” — qatnashchilar o‘zlarining zamonaviy tadbirkorlikka oid innovatsion takliflarini taqdim etdilar.
“O‘zliging namoyon qil” — bellashuvning eng rang-barang va hissiyotga boy qismi bo‘lib, unda guruh a’zolari o‘zining shaxsiy iste’dodini namoyish qildilar.
Bellashuv yakunida tashkilotchilar bu kabi tadbirlar yoshlar uchun nafaqat o‘z qobiliyatini namoyon qilish maydoni, balki do‘stlik, hamkorlik va o‘z ustida ishlashga undovchi maktab bo‘lishini ta’kidlashdi.
Qoʼqon davlat universiteti
QoʻqonDU talabasi Osiyo chempioni bo‘ldi
QoʻqonDU talabasi Osiyo chempioni bo‘ldi
Bangkokda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida QDU talabasi Xumorabonu Mamajonova yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi.
1–11 avgust kunlari Tailandning Bangkok shahri Yoshlar va 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi.
Nufuzli musobaqada Qo‘qon davlat universiteti Jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabasi, -57 kg vazn toifasida ringga chiqqan Xumorabonu Mamajonova barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi har ikki yo‘nalishda ham barchadan ustun kelib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Sportchilarimiz jami 15 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medaliga ega chiqishdi.
Bangkok
“Rektor kubogi – 2025”: mini-futbolda eng yaxshilar aniqlandi
Qo‘qon davlat universitetida yozning eng kutilgan sport voqealaridan biri — “Rektor kubogi – 2025” mini-futbol musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu musobaqa futbol ixlosmandlari va mahalla-yoshlarini bir maydonga to‘plab, haqiqiy sport bayramiga aylandi.
Joriy yil 14-avgust kuni Qo‘qon davlat universitetida Sport klubi, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Jismoniy madaniyat kafedrasi hamda Yoshlar ishlari agentligi Qo‘qon shahar bo‘limi hamkorligida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Rektor kubogi – 2025” mini-futbol musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
Teng va qiziqarli bahslarga boy musobaqada faxrli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin — G‘ishtli Masjid MFY
2-o‘rin — Qipchoqariq MFY
3-o‘rin — Chorchinor MFY
Individual nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar:
Eng yaxshi o‘yinchi — Umarov Muhammadjon (Qipchoqariq MFY)
Eng yaxshi darvozabon — Valiyev Muhammad Amin (G‘ishtli Masjid MFY)
Mazkur sport tadbiri nafaqat futbol ixlosmandlari, balki mahalla yoshlari uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviy hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Qoʼqon davlat universiteti
Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!
Mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostida keng ko‘lamli xayriya hasharlari o‘tkazilmoqda. Ushbu ezgu tashabbusga Qo‘qon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ham faol qo‘shilib, obodonlashtirish ishlarida munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Hashar jarayonida talabalar turar joylari hududi va uning atrofidagi yo‘laklar tartibga keltirilmoqda. Daraxt va gulzorlar parvarish qilinib, yashil hududlar yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda. Talabalar tomonidan chiqindilar yig‘ishtirilib, hudud tozalanmoqda, yaroqsiz jihozlar olib chiqilib, yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik va hamjihatlik ruhida tashkil etilgani e’tiborga molik. Bu esa nafaqat talabalarga qulay sharoit yaratmoqda, balki ularning ekologik madaniyatini yuksaltirishga, jamoaviy mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Mazkur hasharlarda universitetning yuzlab talabasi, professor-o‘qituvchilari faol qatnashib, o‘zlari yashab-o‘qiydigan muhitni yanada chiroyli, toza va fayzli qilishga hissa qo‘shmoqdalar.
“Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostidagi bu kabi xayriya hasharlari kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Qoʼqon davlat universiteti
Qo‘qon davlat universitetida “Bilimlar kuni” tantanali ravishda nishonlandi
3-sentyabr kuni Qo‘qon davlat universiteti fakultetlarida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar keng miqyosda o‘tkazildi. Ertalab tongdan talabalar, professor-o‘qituvchilar va ota-onalar karnay-surnay va doirachilar jo‘rligida bayramona ruhda kutib olindi.
Tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijrosi bilan boshlandi. Marosim ishtirokchilari madhiyani birgalikda kuylab, yangi o‘quv yiliga yuksak kayfiyatda qadam qo‘yishdi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ahmadjon Husanov, fakultet dekanlari yig‘ilganlarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi. Tabrik so‘zida mustaqillik qadri, ilm-fan taraqqiyoti va yoshlarning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, talabalardan faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etish, akademik halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish hamda innovatsion tashabbuslarda faol bo‘lish so‘raldi.
Tadbir doirasida faxriy professor-o‘qituvchilardan yoshlarga o‘z hayotiy tajribasi asosida ibratli tilaklar bildirib, ilmda izchil mehnat, intizom va intilish muvaffaqiyat kaliti ekani haqida gapirdi. Shuningdek, yuqori ball bilan talabalikka qabul qilingan birinchi bosqich talabalari o‘z taassurotlarini bo‘lishib, universitetdagi ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanishga va’da berdilar.
Bayramona dastur she’rxonlik bilan davom etdi: Vatan, ilm-ma’rifat va mustaqillik mavzularida o‘qilgan she’rlar tinglovchilarda ruhiy ko‘tarinkilik uyg‘otdi. Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan qisqa ko‘rinishlar hamda yoshlar ansambli ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar marosimga yanada chiroy bag‘ishladi.
Tantanadan so‘ng talabalar tyutorlar rahbarligida o‘quv xonalariga yo‘naltirildi
Qo'qon davlat universiteti
Madaniy-ma'rifiy faoliyatimiz
Universitetimizda har yili 50 dan ortiq turli madaniy, ma'rifiy va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar oʻtkaziladi. Bu tadbirlar talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, milliy qadriyatlarga muhabbat uyg'otish va ularning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etish uchun ajoyib imkoniyatdir.