1931-yildan boshlab hozirgi kungacha boʻlgan ajoyib ta'lim sarguzashtlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi qaroriga muvofiq, Fargʻona viloyatida oliy taʼlim tizimini isloh qilish va samaradorligini oshirish maqsadida Qoʻqon davlat universiteti tashkil etildi. Yangi universitet Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qoʻqon filiali va Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Fargʻona mintaqaviy filialining negizida barpo etildi.
Bugungi kunda universitetimizda 18 000 nafardan ortiq shijoatli talaba kunduzgi, masofaviy, sirtqi shaklda ilm o‘ganib o‘z orzulari sari intilmoqda. Ularga 700dan ziyod yuqori malakali professor-o‘qituvchi saboq beradi, ular orasida 30 nafari fan doktori (DSc) va professorlar, 360 nafari esa fan nomzodi (PhD) va dotsentlardir. Har bir talabaga chuqur nazariy bilim, zamonaviy ko‘nikma va boy amaliy tajriba ulashish — bizning bosh maqsadimizdir.
Universitetimizning tarixiy bosqichlari va muhim voqealarining toʻliq kronologiyasi
Qoʻqonda yoshlarni oliy ta’limga tayyorlash ishlari pedagogika instituti tashkil etilishidan ancha avval boshlangan edi. O‘sha davrda shaharda pedagogika bilim yurti, mexanika texnikumi, kechki ishchilar universiteti, uch va olti oylik pedagogik kurslar faoliyat yuritar, shuningdek, Qoʻqon shahri hamda uning atrofidagi tuman maktablari uchun oʻqituvchilar tayyorlaydigan bir yillik va ikki yillik maxsus kurslar tashkil etilgandi. Bu maskanlar oddiy ta’lim muassasasi emas, balki ilm-ma’rifat sari intilgan yoshlar uchun katta orzu va umid maktabi vazifasini oʻtagan. Ana shu sa’y-harakatlar samarasi oʻlaroq, Qoʻqonda pedagogika oliy oʻquv yurtini tashkil etish gʻoyasi tobora mustahkamlanib bordi. Nihoyat, 1931-yilning yanvar oyida Qoʻqon kechki pedagogika instituti va uning tayyorlov boʻlimiga ilk 60 nafar talaba qabul qilindi. Bu voqea nafaqat ta’lim tizimi, balki butun vodiy hayotida muhim tarixiy burilish bo‘ldi. Ilm olishga chanqoq yoshlarning institut ostonasiga ilk bor qadam qo‘yishi bilan Qoʻqonda oliy pedagogik ta’limning yangi davri boshlandi.
1934–1935-o‘quv yili Qo‘qon pedagogika instituti tarixida unutilmas sahifa bo‘lib qoldi. Aynan shu yillarda institut o‘zining ilk mevasini berdi — 42 nafar yosh mutaxassis qo‘liga ilk diplomlarni oldi. Ular fizika-matematika, tabiatshunoslik, o‘zbek tili va adabiyoti hamda tarix yo‘nalishlari bitiruvchilari edi. Shu tariqa Qo‘qon pedagogika instituti nafaqat talaba tayyorlaydigan maskan, balki jamiyat taraqqiyoti uchun fidoyi ziyolilarni voyaga yetkazadigan ilm dargohiga aylana boshladi.
1939-yil Qo‘qon ilmiy-ma’rifiy hayoti tarixida muhim burilish yasagan yillardan biri bo‘ldi. Aynan shu yilining 23-iyunida rahbariyatning “Qo‘qon shahrida kunduzgi o‘qituvchilar bilimgohini tashkil etish haqida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorga muvofiq, 1939-yil 1-iyundan boshlab Qo‘qon shahrida 90 nafar talaba kontingentiga mo‘ljallangan kunduzgi davlat o‘qituvchilar instituti tashkil etildi. U o‘z faoliyatini 1939-yil 1-sentyabrdan boshladi. 1939–1940-o‘quv yiliga kelib, institutda jami 164 nafar talaba tahsil oldi. Ularning 71 nafari kunduzgi, 93 nafari esa kechki bo‘lim talabalaridan iborat edi.
1943-yil mart oyida hukumat qarori bilan Qo‘qon o‘qituvchilar instituti respublikada yagona xotin-qizlar o‘qituvchilar institutiga aylantirildi. Bu qaror institut ma’muriyati oldiga katta mas’uliyat va jiddiy vazifalarni qo‘ydi. O‘quv jarayonida ham sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xotin-qiz pedagoglarga zarur bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida o‘quv rejasiga shaxsiy va uy gigiyenasi, bolalar kasalliklari va ularni parvarish qilish kabi yangi fanlar kiritildi. 1945-yilda institutda Pedagogika-psixologiya kafedrasining tashkil etilishi o‘quv faoliyatining yangi bosqichi bo‘ldi.
Urush yillari… Hayotning eng ogʻir sinovlari taqdirni ham, taʼlimni ham sinovdan oʻtkazayotgan kezlar edi. Shunday paytda ham institut oʻz vazifasidan chekinmadi – maktablarni bilimdon va fidoyi pedagoglar bilan taʼminlashni davom ettirdi. Statistik raqamlar oʻzida butun bir tarixni mujassam etadi: 1941-yilda – 68, 1942-yilda – 96, 1943-yilda – 60, 1944-yilda – 62 va 1945-yilda – 66 nafar talaba institutni bitirib chiqdi. Oʻsha yillarda nafaqat bilim, balki non ham bebaho boylik edi. 1942-yil aprel oyida institut jamoasi uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan qaror qabul qilindi: moddiy sharoitni yengillashtirish maqsadida unga yordamchi xoʻjalik uchun 11 gektar yer ajratildi. Talabalar va ustozlar bir yoqadan bosh chiqarib, bu yerlarga urugʻ qadadilar. Natija esa hayratlanarli edi: 9 gektar yer oʻzlashtirilib – 4 tonna joʻxori, 4 tonna makkajoʻxori, 3,7 tonna mosh, yarim tonna loviya, yarim tonna tariq, 1 tonna lavlagi, 9 tonna qovun-tarvuz va 1 tonnadan ortiq sabzi yetishtirildi. Bu moʻl hosil oʻqituvchi va talabalar dasturxonini toʻldiribgina qolmay, ularning mashaqqatli mehnatiga quvvat boʻldi.
Urushdan keyingi ogʻir yillarda Qoʻqon oʻqituvchilar instituti rahbariyati oldida ulkan vazifa turardi. 1946-yilda kunduzgi boʻlimga 97 nafar, kechki boʻlimga esa 22 nafar talaba qabul qilindi. Ammo institutdagi talabalar soni 1960-yillargacha juda sekin oʻsdi. Bu davrda professor-oʻqituvchilar ham ilmiy izlanishlarga alohida eʼtibor bera boshladilar. 1951-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida Inomjon Rasulov dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. U institut tarixida yetishib chiqqan birinchi oʻzbek olimi sifatida tarixda qoldi. 1954-yilda esa muhim qaror qabul qilindi: Ministrlar Soveti qaroriga binoan Qoʻqon xotin-qiz oʻqituvchilar instituti Qoʻqon davlat xotin-qizlar pedagogika instituti maqomiga koʻtarildi.
Institut 1970-yillarga kelib Fargʻona vodiysining yirik oliygohlaridan biriga aylandi. 1970–1971 oʻquv yilida uning tarkibida 6 ta fakultet va 17 ta kafedra faoliyat olib borar, 28 nafar fan nomzodi va dotsentlar ilmiy-pedagogik ish olib borar edi. Bu koʻrsatkichlar institutning nafaqat son, balki sifat jihatdan ham barqaror rivojlanayotganidan dalolat berardi. Shunday qilib, 1950–1970-yillar mobaynida institutning yoʻli sinovlar va yutuqlar, yangilanish va taraqqiyot izlari bilan boyidi. Bu davr keyingi oʻn yilliklardagi ulkan muvaffaqiyatlar uchun mustahkam poydevor yarata boshladi.
1981-yil Qo‘qon davlat universiteti tarixida muhim bosqichlardan biri sifatida alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yilda universitetning 5 qavatli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur bino o‘sha davr uchun nafaqat yirik ta’lim maskani, balki shaharning ilm-ma’rifat markazlaridan biri sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu bino Qo‘qondagi oliy ta’lim rivojining ramzi sifatida qad rostladi.
1990-yil avgust oyida universitet o‘quv binosi ro‘parasida o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan shoir Muqimiy haykali o‘rnatildi. Mazkur yodgorlik nafaqat buyuk ijodkor xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, balki yosh avlodni milliy adabiyot va ma’naviy meros ruhida tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
2003-yil Jismoniy tarbiya fakulteti uchun 270 o‘rinli, 3 qavatli zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur bino sport ta’limi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Yorug‘ va shinam auditoriyalar, amaliy mashg‘ulotlar uchun qulay sharoitlar hamda zamonaviy infratuzilma ta’lim jarayonining sifatini yanada oshirdi.
2003-yilda Qo‘qon davlat universitetida Matematika-informatika, Fizika-astronomiya hamda O‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisliklari bo‘yicha ilk magistrlar o‘qishga qabul qilindi. Bu esa oliygoh tarixida ilmiy-pedagogik salohiyatni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. 2004-yilga kelib universitetda 16 ta ta’lim yo‘nalishida 6 mingdan ziyod talaba tahsil olar edi. Yosh avlodga 428 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib, oliygohning ilmiy va ma’naviy muhitini shakllantirishda munosib hissa qo‘shgan.
2007-yilda Qo‘qon davlat universiteti infratuzilmasini kengaytirish yo‘lida muhim ishlardan biri amalga oshirildi. Sobiq poyabzal fabrikasining 9 qavatli, 1 200 o‘rinli binosi sotib olinib, mukammal qayta ta’mirlandi hamda Tarix fakulteti ixtiyoriga topshirildi.
2010-yilda Qo‘qon davlat universiteti moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. 28-maktab binosi sotib olinib, mukammal qayta ta’mirlandi hamda 1 200 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi sifatida Kimyo-biologiya fakulteti ixtiyoriga topshirildi.
Universitet tarixiga munosib hissa qoʻshgan rahbarlar
1931-1936-yillar
1937-yil
1937-yil
1939-1941-yillar
1941-yil iyun
1941-yil
1943-yil
1944-yil mart oyidan - 1955-yil
1955-yil avgust - 1956-yil
1957-1972-yillar
1972-1973-yillar
1973-1986-yillar
1987-1991-yillar
1991-2000-yillar
2001-2005-yillar
2005-2011-yillar
2011-yil
2011-2016-yillar
2016-2020-yillar
2020-2021-yillar