Mustaqil Oʼzbekiston Respublikasining "Oʼzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida"gi Qonuni 1991-yil 18-noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʼtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan va shundan buyon har yili 18-noyabr kuni Davlat bayrogʼi qabul qilingan kun sifatida yurtimizda nishonlanadi. Davlat bayrogʼi Oʼzbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli «Oʼzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida»gi qonuni bilan tasdiqlangan.
Oʼzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʼi - bayroqning butun uzunligi boʼylab oʼtgan toʼq moviy rang, oq rang va toʼq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʼgʼri toʼrtburchak shaklidagi mato hisoblandi.
Bayroqdagi toʼq moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu - yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʼining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi oq rang - muqaddas tinchlik ramzi boʼlib, u kun charogʼonligi va koinot yoritkichlari bilan uygʼunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʼuborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʼzallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʼpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar vujudimizda joʼshib oqayotgan ajdodlar qoni - hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʼliq. Ayni paytda u qoʼlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʼn ikki yulduzga boʼlgan eʼtiborimiz Oʼzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrogʼimizdagi 12 yulduz tasvirini oʼzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʼz tuprogʼida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.