Davlat gerbi Oʼzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 616-XII-sonli «Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʼgʼrisida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi koʼrinishga ega: togʼlar, daryolar va soʼl tomoni bugʼdoy boshoqlaridan, oʼng tomoni esa chanoqlari ochilgan gʼoʼza shoxlaridan iborat chambarga oʼralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan boʼlib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «Oʼzbekiston» deb yozib qoʼyilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli koʼrinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «Oʼzbekiston» yozuvi — oltin rangida; gʼoʼza shoxlari va barglari, togʼlar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.
Baland togʼlar orasidan oqayotgan daryolar – hayot boqiyligi ramzi boʼlsa, gerbning soʼl tomonidagi bugʼdoy boshoqlari rizq-roʼzimiz butunligini, oʼng tomonidagi qiygʼos ochilgan paxta yurtdoshlarimiz qalbi, niyati pokligini, beqiyos boyliklarni aks ettiradi.
Gerbning yuqori qismida mamlakat jipsligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan. Musamman ichidagi yarim oy – qoʼlga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yoʼlni tanlaganini bildiradi. Bu timsollar milliy anʼana va qadriyatlarimizning boqiyligi, maʼnaviyatimiz yuksakligi, iroda va eʼtiqodimiz mustahkamligi ramzi hisoblanadi.
Davlat gerbida gullagan vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri zaminimizning serquyoshligiga, xalqimiz intilayotgan nurafshon manzillarga ishoradir.
Gerbning markazidagi qanotlarini keng yoyib turgan Humo qushi qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, oliyjanoblik, omad timsoli hisoblangan. Hazrat Alisher Navoiy "Lisonut-tayr" dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik va ulugʼvorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan.
Davlatimiz gerbining pastki qismida lentasidagi tasvir va yozuvlar – bu boy («Oʼzbekiston» yozuvining oltin rangi) xalq va davlatning nomi Oʼzbekiston deb atalishidan dalolatdir.