Orqaga
Calendar icon

O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes forumi: yangi imkoniyatlar sari

2025-yil 10–11-avgust kunlari Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston xalqaro biznes ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli tadbir ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazmada Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi tarkibida Aniq fanlar va raqamli texnologiyalar fakulteti dekani Dilshod Aroyev hamda San’atshunoslik va sport fakulteti dekani Jamshid Tojiboyev ishtirok etmoqda. Universitet vakillari forum doirasida xorijiy oliygohlar, ilmiy markazlar va biznes tuzilmalar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Tadbir dasturi juda boy va mazmunli: turizm, sanoat, tibbiyot, ta’lim, oziq-ovqat sanoati kabi ustuvor yo‘nalishlarda B2B uchrashuvlar, qo‘shma loyihalar taqdimotlari, biznes-forumlar, tajriba almashish bo‘yicha master-klasslar hamda milliy madaniyatni targ‘ib etuvchi madaniy dasturlar o‘tkazilmoqda.

Qo‘qon davlat universitetining mazkur ko‘rgazmadagi faol ishtiroki oliygohga xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirish, yangi ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda Qirg‘iziston ta’lim bozorida yangi hamkorlar topish imkonini beradi. Shuningdek, bu tashrif ikki xalq o‘rtasida ilmiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.