Orqaga
Calendar icon

Memorandum imzolandi: ta’lim va ilm-fan integratsiyasi kuchayadi

Xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro tajriba almashishni mustahkamlash maqsadida Qoʻqon davlat universiteti delegatsiyasi Qozogʻistonning Abilayxon nomidagi universitetga rasmiy tashrif bilan bordi. Mazkur tashrif mezbon oliygohning rasmiy veb-saytida ham alohida xabar sifatida e’lon qilindi.

Delegatsiyaga Qoʻqon davlat universitetining xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Nigora Qodirova boshchilik qildi. Tashrif doirasida Abilayxon nomidagi universitet Boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi – rektor Dana Kunambayeva bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:

  • zamonaviy talablarga mos qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish;
  • magistrantlar uchun akademik mobillik va xalqaro stajirovka dasturlarini amalga oshirish;
  • professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun malaka oshirish kurslari, ilmiy seminar va treninglar tashkil etish.

Tomonlar ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda talabalar va o‘qituvchilarning xalqaro maydondagi faolligini kuchaytirish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat kelgusida qo‘shma loyihalar, ilmiy izlanishlar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu tashrif Qoʻqon davlat universitetining xalqaro aloqalarni kengaytirish, ta’lim makonida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.