Orqaga
Calendar icon

“Yoshlik fasli” – qadriyat va maʼrifat uygʻunligi


Qoʻqon davlat universiteti Boshlangʻich va texnologik taʼlim fakultetida talaba-yoshlarni komil inson ruhida tarbiyalash, ularning qalbida milliy va madaniy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini mustahkamlash, tarixiy merosimiz hamda umumbashariy qadriyatlarga sadoqatni kuchaytirish maqsadida “Yoshlik fasli” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir yoshlarning maʼnaviy olamini boyitish, ularda milliy oʻzlikni anglash, ajdodlar merosiga ehtirom ruhini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Unda fakultet professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar yoshlik davri inson hayotining eng masʼuliyatli, ayni paytda eng sermahsul pallasi ekanini taʼkidlab, aynan shu davrda shakllangan maʼnaviy qarashlar kelajak taqdirini belgilashini alohida qayd etdilar. Milliy urf-odatlarimiz, boy madaniy merosimiz, ota-bobolarimizdan meros qadriyatlar yoshlar tarbiyasida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi aytib oʻtildi.

“Yoshlik fasli” tadbiri doirasida talabalar tomonidan sahna koʻrinishlari, sheʼriy kompozitsiyalar, kuy-qoʻshiqlar hamda milliy anʼanalarni aks ettiruvchi chiqishlar namoyish etildi. Har bir chiqish yoshlarning isteʼdodi, tashabbuskorligi va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Ayniqsa, tarixiy qadriyatlarimizni targʻib etuvchi ko‘rinishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida yoshlarni har tomonlama yetuk, maʼnaviy barkamol shaxs sifatida tarbiyalashda bunday maʼrifiy uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. “Yoshlik fasli” nafaqat bayramona ruhdagi uchrashuv, balki yoshlar qalbida milliy gʻurur, vatanparvarlik va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini yanada mustahkamlagan mazmunli maʼnaviy maydonga aylandi.