Prezident tashabbuslari va qo‘shimcha imkoniyatlar muhokama qilindi
Qoʻqon universitetida yoshlar siyosati, zamonaviy taʼlim va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishga bagʻishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Yigʻilishda 24-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan, yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga bagʻishlangan yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Tadbirni Qoʻngʻirotboy Sharipov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Ilhom Sirojev, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi rahbari Adham Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev, Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari Jahongir Joʻrayev hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Xasanov ishtirok etdi.
Seminarda Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, Qoʻqon universiteti huzurida zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va laboratoriyalar bilan jihozlangan 400 oʻrinli oʻquv markazi ishga tushirilgani alohida taʼkidlandi. Mazkur markazda ehtiyojmand oilalar farzandlarini dasturlash, sunʼiy intellekt va robototexnika yoʻnalishlarida 6 oylik bepul kurslarda oʻqitish rejalashtirilgani qayd etildi. Ushbu tashabbus orqali yiliga 5 mingdan ziyod uyushmagan yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qamrab olish imkoniyati yaratilishi aytib o‘tildi.
Tadbir davomida belgilangan vazifalarni amaliy bosqichga olib chiqish, qamrovni kengaytirish hamda hududlarda mazkur tajribani ommalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Qoʻqon universiteti hamkorligida Fargʻona viloyati yoshlarini dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika va STEAM fanlari boʻyicha bepul oʻqitishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etilayotgani maʼlum qilindi.
Hozirgi kunda universitet huzurida 200 oʻrinli “Yoshlar IT akademiyasi” hamda 1 650 oʻrinli STEAM fanlariga ixtisoslashgan oʻquv binolari barpo etilib, 200 ta zamonaviy kompyuter oʻrnatilgani, robototexnika va fizika laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangani bildirildi.
Loyiha doirasida 1000 nafardan ortiq yoshlar dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika, STEAM fanlari hamda ingliz tili boʻyicha bepul taʼlim olishi belgilandi.
Yigʻilish yakunida Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni toʻliq va samarali amalga oshirish, ehtiyojmand yoshlarni qamrab olish koʻlamini kengaytirish hamda hududiy hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.