Orqaga
Calendar icon

Zulfiya tavalludi – adabiyot va madaniyat bayrami

1-mart kuni oʻzbek adabiyotining yorqin vakili, koʻplab yuraklarga yaqin sheʼrlar muallifi Zulfiya Isroilova tavalludining 111 yilligini nishonlash maqsadida Qo‘qon davlat universiteti Gumanitar fanlar va tillar fakultetida ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.

Tadbirda fakultet dekani professor Dilnoza Jamoliddinova, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Kechaning asosiy maqsadi Zulfiya ijodi va hayoti bilan tanishtirish, yosh avlodni milliy adabiyotimiz va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash edi.

Fakultet dekani professor Dilnoza Jamoliddinova o‘z nutqida shunday dedi:

«Zulfiya sheʼrlari nafaqat o‘z davrining, balki bugungi kunning ham eng muhim ijtimoiy va ma’naviy masalalarini ochib beradi. Uning ijodi yoshlarimizga vatanparvarlik, insoniylik va halollik kabi qadriyatlarni o‘rgatadi. Bugun bu kecha orqali talaba-yoshlarimiz Zulfiya merosini his etib, uni o‘z hayotlarida amal qiladigan qadriyat sifatida qabul qiladilar».

Kecha davomida ishtirokchilar Zulfiya sheʼrlari, jumladan, «Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush», «Koʻrganmiding koʻzlarimda yosh», «Men oʻtgan umrimga achinmay qoʻydim» kabi asarlarini eslab, muallifning insoniy qadriyatlar va Vatan sevgisi mavzusidagi betakror ijodini yodga oldilar.

Tadbir davomida talaba-yoshlar sheʼrlarni yoddan o‘qish, sahna chiqishlari, dramatik va adabiy-tahliliy chiqishlar bilan ishtirok etishdi. Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar Zulfiya ijodining bugungi kun uchun ahamiyati, uning asarlari orqali tarbiyaviy va ma’naviy maqsadlarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida fikr yuritdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Zulfiya ijodidan olingan muhim fikrlar va hayotiy darslarni yosh avlodga yetkazish zarurligi, shuningdek milliy adabiyotimizga hurmatni kuchaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirishdi. Kecha, shuningdek, talaba-yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va milliy madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.