Orqaga
Calendar icon

O‘quv yilining ikkinchi yarmi oldidan TTJlar tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi


Talabalar uchun munosib, qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada talabalar turar joylari va ijara xonadonlaridagi sharoitlarni muntazam o‘rganish, mavjud kamchiliklarni joyida hal etish, yoshlarning ta’lim olishi va yashashi uchun munosib muhit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shu maqsadda Qo‘qon davlat universitetida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, talabalar turar joylari hamda ijara asosida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muammolariga amaliy yechim topish bo‘yicha doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 28-fevral kuni o‘quv yilining ikkinchi yarmi boshlanishi arafasida universitet rahbariyati tomonidan navbatdagi o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Unda universitetning Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Xusanov, universitet profilaktika katta inspektori Q. Qo‘chqorov hamda Talabalar turar joyi va ijara xonadonlarini o‘rganish bo‘yicha mutaxassis D. Rafiqovalar ishtirok etdi.

Mas’ullar barcha talabalar turar joylariga tashrif buyurib, binolarning umumiy holati, xonalar tozaligi, isitish tizimi, elektr va suv ta’minoti, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, sanitariya-gigiyena talablari hamda talabalarga yaratilgan sharoitlarni atroflicha ko‘zdan kechirdilar.

O‘rganish jarayonida aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi va ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rish belgilandi. Ayniqsa, talabalar xavfsizligini ta’minlash, ichki tartib-qoidalarga rioya etilishi va ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tashrif va o‘rganish ishlari talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning ta’lim jarayoniga to‘laqonli e’tibor qaratishi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.