QoʻqonDU professor-o‘qituvchilari Qozog‘istonda malaka oshirmoqda
2025-yil 1-iyuldan boshlab Qo‘qon davlat universitetining 22 nafar yetakchi professor-o‘qituvchisi Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetida 1 oylik malaka oshirish dasturini boshladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur universitet QS xalqaro reytingida 164-o‘rinni egallagan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu tashrif Qo‘qon davlat universiteti hamda Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Tashrif chog‘ida Qozog‘iston tomoni vakillarimizni samimiy va iliq kutib oldi. Malaka oshirish dasturi davomida ishtirokchilar xalqaro tajriba almashish, pedagogik mahoratni oshirish, ta’limga innovatsion yondashuvlar joriy etish, shuningdek, raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qator trening va seminarlarda qatnashadi.
Mazkur tashabbus Qo‘qon davlat universitetining ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, akademik salohiyatni yuksaltirish va ilmiy hamkorlik doirasini kengaytirishga xizmat qiladi.