"Prezident ishonchi – biz yoshlar uchun yuksak mas’uliyat!"
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatning barcha hududlaridan tashabbuskor, fidoyi va bilimli yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvda Qo‘qon davlat universitetining iqtidorli talabasi, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi, universitet “Yoshlar akademiyasi” lideri Dilnavoz Sobirova ham qatnashdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga bag‘ishlab so‘zlagan chuqur, samimiy va ilhomlantiruvchi nutqini bevosita tinglash sharafiga muyassar bo‘lgani, bu esa uning hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlanganini faxr bilan ta’kidladi.
— Tadbir chin ma’noda yoshlar salohiyati, ularning intilishi va fidoyiligi mujassam bo‘lgan maydonga aylandi. Davlatimiz rahbarining har bir so‘zida yoshlarga bo‘lgan mehr, e’tibor va ishonchni chuqur his etdik. Ayniqsa, ushbu e’tibor biz, Yoshlar akademiyasi liderlariga katta mas’uliyat yuklaydi, — deydi Dilnavoz Sobirova.
Uchrashuv ishtirokchilari yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, bevosita Prezident bilan ochiq va samimiy muloqot imkoniyati, yosh avlodning kelajagiga bildirilayotgan yuksak ishonch haqida chuqur taassurotlar bilan qaytdilar.
— Bugun yurtimizda yoshlarning har bir tashabbusi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Prezidentimiz bizga faqat ishonch emas, balki harakatga da’vat, xalqimizga xizmat qilish uchun ilhom berdi, — deya minnatdorlik bildirdi Dilnavoz Sobirova.