Kambagʻal oilalar roʻyxatiga kiritilgan xotin-qizlar va ularning farzandlariga kontrakt puli uchun ijtimoiy yordam beriladi
Mamlakatimizda ijtimoiy adolatni taʼminlash va taʼlimda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida muhim yangilik joriy etildi. Endilikda kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan xotin-qizlari hamda ularning ikki va undan ortiq farzandlaridan biri uchun toʻlov-kontraktini toʻlab berish tarzidagi ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi qaroriga ko‘ra, yordam turi quyidagicha belgilandi: kontrakt to‘lovining 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi.
Bu imkoniyatdan foydalanish huquqiga kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning 30 yoshdan katta xotin-qizlari va ularning farzandlari ega bo‘ladi. Ijtimoiy yordamni olish uchun esa quyidagi hujjatlar talab etiladi:
oliy taʼlim tashkilotiga o‘qishga kirganlik to‘g‘risidagi buyruq;
kontrakt asosida tahsil olayotganlik bo‘yicha shartnoma.
Mazkur yordam faqatgina bakalavriat yoki magistratura yo‘nalishlarining kunduzgi shaklida tahsil olayotgan fuqarolarga taqdim etiladi.
Yordam bir marotaba, talaba o‘qishni tugatguniga qadar beriladi va faqat kontrakt asosida ta’lim olish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Bu qaror oliy ta’limda oʻqish istagida boʻlgan ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun katta imkoniyat yaratadi.