Giyohvandlikka qarshi kurash: ogohlik va mas’uliyat
Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni turli zararli illatlardan asrash hamda huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida giyohvandlikka qarshi targ‘ibot seminari tashkil etildi.
Mazkur tadbirda universitet profilaktika inspektori Qodirali Qo‘chqarov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, leytenant Gulnoza Shokirova, fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Akmaljon Alikulov hamda Yoshlar front ofisi a’zosi Bahodir Valijonov ishtirok etdilar. Mutasaddilar tomonidan talaba-yoshlarga giyohvandlikning jamiyat va inson salomatligiga yetkazadigan jiddiy zararlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Seminar davomida giyohvandlikning tibbiy, ijtimoiy va huquqiy oqibatlari keng yoritildi. Xususan, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan shaxslarda kuzatiladigan xulq-atvor o‘zgarishlari, jismoniy va ruhiy belgilar, ularni erta aniqlash usullari haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, noqonuniy giyohvand moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar yonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim buyum va vositalar, ularni aniqlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar ham batafsil izohlandi.
Mutaxassislar bunday salbiy holatlarga duch kelinganda befarq bo‘lmaslik, zudlik bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish zarurligini alohida ta’kidladilar. Zero, ogohlik va hamjihatlikgina yoshlarni turli yot illatlardan himoya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, giyohvandlikning oldini olish, do‘stlar davrasida bunday holatlarni sezganda qanday yo‘l tutish, anonim murojaat qilish imkoniyatlari kabi masalalarda batafsil javoblar oldilar.
Mazkur seminar talaba-yoshlar ongida sog‘lom hayot tamoyillarini mustahkamlash, ularni hushyorlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. Universitetda bu kabi profilaktik tadbirlarni muntazam o‘tkazish orqali yoshlarni zararli illatlardan asrash va sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.