Talaba qizlar yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda
Qo‘qon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakultetida UNDEF loyihasi doirasida “Yetakchi qizlar” nomli interaktiv tadbir tashkil etildi. Tadbir talabalar uchun nafaqat bilim olish, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beruvchi treninglar, workshoplar va pitch sessiyalarni o‘z ichiga oldi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh qizlar orasida yetakchilik kompetensiyalarini rivojlantirish, real ijtimoiy loyiha g‘oyalarini shakllantirish va ularni amaliy harakat rejalarini yaratishga o‘rgatishdan iborat edi.
Ishtirokchilar o‘z loyihalarini yaratish jarayonida ijtimoiy tashabbuslarni qanday shakllantirish, amaliy rejalarni ishlab chiqish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu bilan birga, tadbir qizlar uchun o‘ziga ishonchni oshirish va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish uchun ham ajoyib maydon bo‘ldi.
Tadbir davomida talabalar nafaqat nazariy bilimlar bilan tanishib, balki o‘zlari ishlab chiqgan loyiha konsepsiyalarini amalda sinab ko‘rish, taqdimot qilish va ekspertlar fikr-mulohazalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
UNDEF loyihasi doirasidagi ushbu tadbir yosh qizlarni ijtimoiy tashabbuskorlikka undash, ularni kelajakdagi yetakchi sifatida shakllantirish va jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.