Fargʻonada “TalabaExpo – 2025” kasb koʻrgazmasi tantanali tarzda ochildi
Bugun Fargʻona shahrida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligiga koʻmaklashish, ularni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida “TalabaExpo – 2025” kasb koʻrgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Sherzodjon Polvonov, “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov hamda Fargʻona davlat universiteti rektori Oʻktam Salomov kirish so‘zi bilan ochib berishdi. Ular Toshkent va Samarqand shaharlaridan so‘ng ko‘rgazmaning Farg‘onada o‘tkazilishi viloyat yoshlari uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidlashdi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan mutaxassislar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bandligini ta’minlash va kelajakdagi kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma doirasida talaba-yoshlarning biznes g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator taqdimot va interaktiv tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi asosida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining istiqbolli biznes loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari taqdim etildi.
“TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasi bitiruvchilarga o‘z salohiyati va qiziqishlariga mos kasb tanlash, mehnat bozorining real ehtiyojlari bilan yaqindan tanishish, shuningdek ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkonini yaratmoqda.