Mahalla yoshlari o‘rtasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha navbatdagi musobaqa tashkil etildi. Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda mahallalarda yoshlar o‘rtasida do‘stona va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada Qo‘qon shahridagi mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar voleybol bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlar yigitlar va qizlar jamoalari o‘rtasida alohida tashkil etilib, ishtirokchilar maydonda o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, texnik mahoratini namoyon etdilar.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda jamoalar g‘oliblik uchun murosasiz kurash olib bordilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, G‘ishtli masjid MFY jamoasi musobaqaning 1-o‘rinini egalladi. Toshkentli guzar MFY jamoasi 2-o‘ringa, Istiqlol MFY jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi voleybol bahslari ham qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Musobaqa yakunida Chodakli MFY jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘rmonbog‘ MFY jamoasi 2-o‘rin, Avg‘onbog‘ MFY jamoasi esa 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Mazkur musobaqa yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni jamoaviylik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, bunday sport tadbirlari mahalla yoshlari o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Qo‘qon davlat universiteti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur musobaqalar mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligini yanada mustahkamlash, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda ularni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.