Orqaga
Calendar icon

Qo‘shma ta’lim dasturi samarasi: Grodnoda ilk diplom himoyasi

26-iyun kuni Belorusning Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti Psixologiya fakultetida hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tahsil olgan talabalarimizning diplom ishlarini himoya qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Grodno davlat universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qo‘shma ta’lim dasturi ikki oliy o‘quv yurti talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Talabalar to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishdi. Ular dastlabki ikki yilni Qo‘qon davlat universitetida, keyingi ikki yilni esa Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universitetida o‘qishdi.

Sakkiz nafar talaba diplom ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, "Pedagog-psixolog" malakasiga ega bo‘lishdi. Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari taqdim etilgan ishlar sifati va talabalarning kasbiy faoliyatga tayyorgarligini yuqori baholashdi.

Bunday yuksak natijalarga erishishda ilmiy rahbarlar, professor-o‘qituvchilar jamoasi va ikki universitetning eng yaxshi tajribalarini joriy etish muhim rol o‘ynadi.

Grodno davlat universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida ta’lim olgan talabalarimizning bitiruvi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va psixologiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi.

Bitiruvchilarimizning kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyat, yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirishda omad, hamda yangi marralar sari ishonch bilan intilishlarini tilaymiz.