Orqaga
Calendar icon

QoʻqonDU va EIASM oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda


QoʻqonDU va Yevropa oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Shu munosabat bilan Qoʻqon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva Chexiya Respublikasining poytaxti Praga shahrida Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti (EIASM) rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida kelishuvlarga erishdi. Jumladan, yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish, qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish, Yevropa mamlakatlarining ilgʻor tajribalarini amaliyotga tatbiq etish, ilmiy-tadqiqot ishlari va professor-oʻqituvchilar, shuningdek talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, universitet faoliyatiga KPIni joriy etish, Yevropa kompleyans (compliance) tashkiloti talablariga mos oʻquv kurslarini tashkil etish, sifat nazorati va boshqaruv sohalarida Yevropa tajribasidan foydalanish boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida Qoʻqon davlat universiteti va EIASM oʻrtasida taʼlim va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 9 ta memorandum va hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Mazkur kelishuvlar kelgusida Qoʻqon davlat universiteti va Yevropa oliy taʼlim maktablari oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, zamonaviy va xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashda muhim qadam boʻladi.