Qo‘qon davlat universiteti va Chexiyaning “PROVOD” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Chexiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi delegatsiya Chexiyaning nufuzli “PROVOD” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv jarayonida delegatsiya a’zolari kompaniya faoliyati, amalga oshirilayotgan infratuzilma va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Muzokaralarda ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, muhandislik sohasi talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun stajirovkalar tashkil etish, innovatsion texnologiyalar sohasida tajriba almashish, shuningdek, universitetga talabalar uchun zamonaviy laboratoriya jihozlarini olib kelish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Qo‘qon davlat universiteti va “PROVOD” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Hujjatga universitet rektori Dilnoza Xodjayeva hamda kompaniya bosh direktori Petr Plixta imzo chekdi.
Mazkur memorandum kelgusida ekologik va texnologik loyihalarda universitet talabalari ishtirokini kengaytirish, qo‘shma ilmiy izlanishlar va amaliy seminarlar tashkil etish, hamda laboratoriya bazasini mustahkamlash imkonini beradi.
Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda bo‘lib o‘tdi. Tomonlar bu hamkorlik ta’lim va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.