Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasining Chexiyaga safari davom etmoqda
Chexiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi delegatsiya poytaxt Pragadagi dunyoga mashhur va ko‘p asrlik tarixga ega Karlov universitetida bo‘ldi.
Mazkur tashrif doirasida delegatsiya universitetning Talabalarga xizmat ko‘rsatish ofisi, Axborot-kutubxona markazi va boshqa zamonaviy infratuzilmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolari ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida Karlov universiteti tajribasini o‘rgandi.
Eslatib o‘tamiz, Karlov universitetiga 1348-yilda asos solingan bo‘lib, Markaziy Yevropaning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitet 50 mingdan ortiq talabaga ta’lim bermoqda va xalqaro reytinglarda doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Qo‘qon davlat universiteti tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida bunday tashriflar universitet salohiyatini oshirish, zamonaviy tajribalarni joriy etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.