Orqaga
Calendar icon

Xonadonlar quyosh panellari bilan taʼminlandi

Bugungi kunda aholi farovonligini oshirish, ekologik toza va zamonaviy energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha mamlakatimizda qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday tashabbuskor ishlardan biri Qo‘qon davlat universiteti tomonidan Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida hayotga tatbiq etildi.

Avvalroq, Qo‘qon davlat universitetining birinchi prorektori Ahmadjon Husanov Dang‘ara tumanining “Katta turk” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, ushbu hududdagi aholining ijtimoiy va turmush muammolarini bevosita joyiga chiqib o‘rgangan edi. Aholi tomonidan bildirgan murojaat va ehtiyojlar, ayniqsa, energetika taʼminotidagi qiyinchiliklar inobatga olindi.

Shu munosabat bilan, bugun “Katta turk” MFYda yashovchi X. Qurbonova, A. Rajavaliyev hamda Yu. Akbarovalar xonadonlariga Qo‘qon davlat universiteti tomonidan quvvati 1 kV bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi va foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy uskunalar xonadonlarda ekologik toza elektr energiyasi manbai yaratish imkonini berdi.

Bu loyihaning asosiy maqsadi — aholining hayot sifatini oshirish, energiyaga ehtiyojini barqaror taʼminlash hamda yashil energetika tamoyillarini keng targ‘ib qilishdir. Ayni vaqtda mazkur quyosh panellari yoritish, maishiy texnika va boshqa kundalik ehtiyojlar uchun zarur elektr taʼminotini kafolatlab beradi.