Orqaga
Calendar icon

Sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha xalqaro tajriba oʻrganilmoqda


Qoʻqon davlat universiteti hamda K.I. Satpayev nomidagi Qozog‘iston Milliy Texnika Tadqiqot Universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida universitetning 10 nafar professor-o‘qituvchisi malaka oshirish dasturida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga yuborildi.

Bugundan boshlab dastur ishtirokchilari uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Malaka oshirish jarayonida raqamli ta’lim texnologiyalari, sun’iy intellekt hamda ma’lumotlar tahlili yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tinglovchilar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ilg‘or dasturiy vositalar va innovatsion tadqiqot metodologiyalari bilan yaqindan tanishadi.

Ushbu dastur professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish hamda o‘quv jarayonini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, hamkorlik doirasida kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari va ikki tomonlama seminar-treninglarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, K.I. Satpayev nomidagi Qozog‘iston Milliy Texnika Tadqiqot Universiteti Qozog‘istonning yetakchi texnik oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet xalqaro reytinglarda barqaror o‘sishni namoyon etib kelmoqda. Jumladan, QS World University Rankings 2026-yilgi natijalariga ko‘ra, mazkur oliy ta’lim muassasasi dunyoning TOP-300+ universitetlari qatoridan o‘rin olib, 331-pog‘onani egalladi. Bu natija uning Markaziy Osiyodagi yetakchi texnik universitetlardan biri sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va professor-o‘qituvchilar malakasini muntazam oshirib borish orqali Qo‘qon davlat universitetida ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.