Orqaga
Calendar icon

Jaholatga qarshi ma’rifat: dolzarb masalada ochiq muloqot

Qo‘qon davlat universitetida talaba-yoshlar ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi globallashuv sharoitida yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularni turli zararli g‘oya va yot ta’sirlardan asrash, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatini universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Xusanov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda axborot oqimi keskin kuchaygan bir davrda yoshlarning ong-u tafakkurini himoya qilish, ularni mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega shaxslar etib tarbiyalash dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ma’rifat – jaholatga qarshi eng kuchli qurol ekani, ilm va tafakkur orqali har qanday buzg‘unchi g‘oyaga munosib javob qaytarish mumkinligi qayd etildi.

Tadbir davomida DIBQ mutaxassislari G. Xomidova va I. Mehmonaliyev, shuningdek, Xorijiy filologiya fakulteti dekan o‘rinbosari F. Kushbayev ma’ruza bilan ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar jaholat va ekstremistik qarashlarning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, yoshlar ongini zaharlovchi mafkuraviy tahdidlar, ularning oldini olish mexanizmlari haqida atroflicha fikr yuritdilar. Ayniqsa, talabalarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish, axborotni tahlil qilish madaniyatini oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish muhimligi alohida qayd etildi.

Ma’ruzachilar yoshlarni ogohlikka chaqirib, diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘un egallash, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida yashash, ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish zarurligini ta’kidladilar. Davra suhbati savol-javoblar, ochiq muloqotlar ruhida o‘tib, talabalarning mavzu yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi.

Tadbir yakunida yoshlarga ilm olish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, doimiy o‘z ustida ishlash va ma’naviy barkamollik sari intilish har bir talabaning ustuvor vazifasi ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.

Mazkur davra suhbati talaba-yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirish va jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.