Orqaga
Calendar icon

Ayolni e’zozlash oyligi doirasida davra suhbati o‘tkazildi

Qoʻqon davlat universiteti San’at va sport fakultetida “Ayolni e’zozlash oyligi” doirasida “Ayol — jamiyat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda fakultet dekani Jamshid Tojjiboyev, professor-o‘qituvchilar, kafedra mudirlari hamda sirtqi ta’lim shakli talabalari faol ishtirok etdilar. Uchrashuv avvalida so‘z olgan mas’ullar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida ayollarning faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlab o‘tildi.

Davra suhbati davomida ayolning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, oiladagi muqaddas maqomi, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos hissasi hamda milliy qadriyatlarni asrab-avaylashdagi mas’uliyati haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Notiqlar tomonidan ayol siymosi mehr-muruvvat, sadoqat, sabr-toqat va fidoyilik timsoli ekani, ayniqsa ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan ayollarning yoshlar qalbiga ezgulik va ma’naviyat urug‘ini qadashdagi o‘rni beqiyos ekani qayd etildi.

Talabalar tomonidan mavzuga doir chiqishlar, hayotiy misollar va ijodiy mulohazalar bildirildi. Savol-javoblar jarayonida xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida ayolni ulug‘lash, unga hurmat va ehtirom ko‘rsatish har bir insonning ma’naviy burchi ekani yana bir bor ta’kidlandi. Mazkur davra suhbati ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirib, ularni jamiyatimizda xotin-qizlarning nufuzini yanada oshirish yo‘lida faol bo‘lishga undadi.