Orqaga
Calendar icon

RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoʻqon davlat universitetiga qarashli talabalar turar joylaridan biri hududida joylashgan bino faoliyati yuzasidan tarqalgan tanqidiy material boʻyicha quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Avvalo, universitetda talabalarni turar joy bilan taʼminlash masalasi ustuvor vazifa hisoblanadi. Hozirgi kunda universitet tasarrufida 7 ta Talabalar turar joyi (TTJ) mavjud boʻlib, ular universitet hududi va unga yaqin hududlarda joylashgan. Mazkur TTJlar jami 2670 oʻringa moʻljallangan.

2026-yil 13-fevral holatiga koʻra, TTJlarda 2646 nafar talaba istiqomat qilmoqda. Ulardan 399 nafari oʻgʻil bolalar, 2247 nafari qizlar hisoblanadi. Ayni sana holatiga 24 ta boʻsh oʻrin mavjud.

Shu bilan birga, universitet talabalarining 839 nafari universitet hududiga yaqin, yashash uchun qulay shart-sharoitlarga ega boʻlgan 225 ta ijara xonadonda istiqomat qilmoqda. Qayd etish joizki, ayrim talabalar shaxsiy tanloviga koʻra ijara xonadonlarda yashashni afzal koʻradi.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida barpo etilayotgan 800 oʻrinli yangi talabalar turar joyi joriy yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha talabalarni turar joy bilan taʼminlash imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ehtiyojni toʻliq qoplashga xizmat qiladi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, har qanday taʼlim yoki tadbirkorlik subyekti belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlishi shart. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan obyektda faoliyat yuritayotgan maktabgacha taʼlim tashkiloti (MTT) belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyekti hisoblanadi.

Mazkur bino 3-sonli talabalar turar joyiga tutashgan alohida 1 qavatli yordamchi inshoot hisoblanadi. U uzoq vaqt davomida boʻsh turgan boʻlib, hozirgi kunda ham maydonining qariyb 60 foizidan foydalanilmayapti.

Universitet balansidagi boʻsh bino va inshootlardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 660-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Binoning boʻsh turganligi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga universitet tomonidan rasmiy murojaat kiritilgan. Ushbu murojaat asosida vakolatli organ tomonidan auksion savdolari oʻtkazilib, gʻolib deb topilgan tadbirkorga bino belgilangan tartibda ijaraga berilgan.

Obyektdan foydalanish boʻyicha universitet va tadbirkor oʻrtasida amaldagi qonunchilik asosida rasmiy ijara shartnomasi tuzilgan. Shuningdek, faoliyat turi boʻyicha tegishli ruxsat va roʻyxatdan oʻtish hujjatlari mavjud. Barcha jarayonlar qonuniy asosda rasmiylashtirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotdan farqli oʻlaroq, 3-sonli talabalar turar joyining oʻzi talabalar uchun toʻliq saqlab qolingan va 2023-yilda kapital taʼmirlangan. Unda talabalar yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Ijaraga berilgan bino yotoqxona xonalarini qisqartirish hisobiga emas, balki alohida boʻsh turgan inshoot negizida tashkil etilgan. Bundan tashqari, mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti universitetning Maktabgacha taʼlim kafedrasi uchun oʻquv-amaliy laboratoriya vazifasini ham bajaradi. Kelishuvga muvofiq, kafedra professor-oʻqituvchilari hamda talabalar ushbu maskanda amaliy mashgʻulotlar va malakaviy amaliyotlarni oʻtash imkoniyatiga ega.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, mazkur masala yuzasidan jurnalist universitetga taklif etilgan va holatni joyiga chiqib oʻrganish imkoniyati yaratilgan edi. Biroq oʻrganilmagan yoki biryoqlama maʼlumotlarni tarqatish turli tushunmovchiliklarga, ayrim hollarda esa qonunchilikda belgilangan javobgarlikka ham sabab boʻlishi mumkin.

Universitet rahbariyati ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ochiq va shaffof hamkorlik tarafdori hisoblanadi. Shu bois, har qanday materialni eʼlon qilishdan oldin universitet matbuot xizmati bilan bogʻlanish, rasmiy va aniq maʼlumot olish maqsadga muvofiq ekanini soʻrab qolamiz.

Talabalar turar joyga ehtiyoj masalasi universitet rahbariyati tomonidan doimiy nazoratda boʻlib, yotoqxona infratuzilmasidan foydalanish holatlari alohida huquqiy va ijtimoiy masʼuliyat bilan koʻrib chiqiladi. Universitet tomonidan talabalar manfaatlariga zid qarorlar qabul qilinmaydi.

Mazkur holat boʻyicha barcha jarayonlar amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilganini maʼlum qilamiz.