Xotin-qizlar o‘rtasida shiddatli va quvnoq bellashuv o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universitetida xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida “Quvnoq startlar” sport bellashuvi tashkil etildi.
Musobaqaning ochilish marosimida universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni samimiy qutladi. U o‘z nutqida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini alohida ta’kidlab, ularning nafaqat ilm-fan va ta’limda, balki sport sohasida ham faol bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, bunday sport tadbirlari sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jamoaviy birdamlikni mustahkamlash va ijobiy muhit yaratishda muhim omil ekanini alohida urg‘uladi.
Mazkur musobaqada fakultetlardan shakllantirilgan, har biri 8 nafardan iborat jamoalar ishtirok etdi. Ishtirokchilar turli qiziqarli va shiddatli sport shartlari orqali o‘zlarining chaqqonligi, epchilligi, tezkorligi hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Bellashuvlar jarayoni sog‘lom raqobat, quvnoq kayfiyat va sportiy ruh bilan yo‘g‘rilgan holda o‘tdi. Tomoshabinlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan jamoalar har bir shartda g‘alaba uchun bor kuch va mahoratini safarbar etdi.
Tadbir davomida sport nafaqat jismoniy chiniqish vositasi, balki jamoani birlashtiruvchi, irodani mustahkamlovchi va ijobiy kayfiyat baxsh etuvchi muhim omil ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Ayniqsa, xotin-qizlarning faol ishtiroki va tashabbuskorligi musobaqaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra 1-o‘rin Pedagogika va psixologiya fakulteti jamoasiga, 2-o‘rin Xorijiy filologiya fakulteti jamoasiga, 3-o‘rin Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakulteti jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar Sport klubi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirilib, ularning sportga bo‘lgan qiziqishi va faolligi alohida e’tirof etildi.
Mazkur sport tadbiri universitet xotin-qizlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish va do‘stona muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.