Orqaga
Calendar icon

Qadriyatlar tarannumi: talabalarning ijodiy kechasi

Qo‘qon davlat universitetining San’at va sport fakultetida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda. Fakultetning Musiqa nazariyasi kafedrasi, Musiqa ta’limi yo‘nalishi sirtqi bo‘lim 3-bosqich talabalari tashabbusi bilan “Milliy an’ana va qadriyatlarimiz” nomli ma’naviy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Musiqa nazariyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda san’at ixlosmandlari faol ishtirok etdilar. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — milliy urf-odatlarimiz, qadimiy udum va an’analarimiz, boy kuy-qo‘shiqlarimiz orqali yoshlar qalbida milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash, ona Vatanga muhabbat va sadoqat hissini yanada yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida milliy kuy-qo‘shiqlar jonli ijro etildi, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan parchalar yangradi. Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlar va badiiy kompozitsiyalar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Har bir chiqishda xalqimizning boy ma’naviy merosi, qadriyatlari va an’analari o‘z ifodasini topdi.

Professor-o‘qituvchilar o‘z so‘zlarida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni yosh avlod ongiga singdirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar. Zero, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalangan yoshlar — yurt kelajagining ishonchli poydevoridir.

Mazkur tadbir talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularning san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qildi. Universitetda bu kabi ma’rifiy va madaniy tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.