Orqaga
Calendar icon

Talabalar turar joylarida dolzarb mavzu: “Giyohvandlik — umr zavoli”

Qo‘qon davlat universitetida yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviy-ruhiy salomatligini mustahkamlash hamda zararli illatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida universitetning Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi B. Hasanova, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha psixolog N. Xo‘janazarova hamda universitet psixologi N. Abdullayevalar tomonidan talabalar turar joylarida “Giyohvandlik — umr zavoli” mavzusida davra suhbatlari tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarning bosh maqsadi — talaba-yoshlar, ayniqsa, talaba-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlik va boshqa zararli odatlarning inson salomatligi, oilaviy hayot va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan jiddiy salbiy oqibatlari haqida chuqur va asosli tushunchalar berishdan iboratdir. Mutaxassislar o‘z chiqishlarida giyohvandlikning nafaqat jismoniy, balki ruhiy va ijtimoiy xavflarini ham misollar asosida yoritib berdilar. Ayniqsa, yoshlar orasida uchrayotgan turli xavf-xatarlar, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan zararli ta’sirlar haqida ogohlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Davra suhbatlari ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Talaba-qizlarni qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, ularning muammolari tinglandi hamda psixologik tavsiyalar berildi. Suhbat davomida yoshlarda mustahkam hayotiy pozitsiya, irodaviy barqarorlik va mas’uliyat hissini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, talabalar turar joylaridagi ma’naviy-ruhiy muhit, talabalarning o‘zaro munosabatlari, ichki tartib-qoidalarga rioya etish darajasi ham o‘rganildi. Talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, ularning asosida turar joylarda muntazam ravishda seminar-treninglar, psixologik uchrashuvlar hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazish belgilab olindi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ma’naviy-ma’rifiy va profilaktik uchrashuvlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli zararli oqim va illatlardan asrash, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi kunda har bir ta’lim muassasasining ustuvor vazifalaridan biri — bilimli, tafakkuri teran, ma’naviy barkamol va ijtimoiy mas’uliyatli yoshlarni voyaga yetkazishdir.

Qo‘qon davlat universitetida bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda va kelgusida ham talaba-yoshlar manfaatiga xizmat qiladigan yangi loyihalar hamda tashabbuslar hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.