Farg‘ona vodiysi matematiklari yana birlashdi
Farg‘ona vodiysi matematiklari birlashgan seminarining navbatdagi — 17-yig‘ilishi Qo‘qon davlat universiteti Aniq fanlar va muhandislik fakultetida an’anaviy tarzda, oflayn shaklda bo‘lib o‘tdi. Ilm-fan ahli, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda yosh tadqiqotchilarni jamlagan mazkur anjuman hudud matematiklarining ilmiy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Seminarga Matematika instituti Namangan bo‘linmasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor M.M. Raxmatullayev raislik qildi. Shuningdek, ilmiy yig‘ilishda f.-m.f.d., professorlar F. Arziqulov va R. Xakimov (Matematika instituti Namangan bo‘linmasi), Y. Apakov va V. Xodjibayev (Namangan davlat texnika universiteti), hamda Sh. Karimov — Farg‘ona davlat universiteti Amaliy matematika kafedrasi mudiri ham hamrais sifatida ishtirok etdilar.
Seminarni kirish so‘zi bilan ochgan professor M.M. Raxmatullayev bugungi globallashuv sharoitida fundamental va amaliy matematikaning o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi. U ilmiy izlanishlarda hamkorlik, tajriba almashinuvi va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifa ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish doirasida to‘rtta dolzarb ilmiy ma’ruza tinglandi. Birinchi ma’ruzada Matematika instituti Namangan bo‘linmasi katta ilmiy xodimi, PhD I.A. Sattarov tomonidan p-adik (2,2)-ratsional dinamik sistemalar mavzusi yoritildi. Ma’ruzada p-adik analiz doirasida dinamik sistemalarning xossalari, ularning barqarorligi va zamonaviy matematik tadqiqotlardagi o‘rni ilmiy asosda tahlil qilindi.
Ikkinchi ma’ruza Andijon davlat universiteti Algebra va analiz kafedrasi katta o‘qituvchisi S.M. Umrzaqov tomonidan taqdim etildi. “Local and 2-local automorphisms of null-filiform and filiform Zinbiel algebras” mavzusidagi mazkur chiqishda zamonaviy algebra yo‘nalishidagi muhim masalalar, xususan, Zinbiel algebralarining avtomorfizmlari chuqur ilmiy yondashuv asosida ochib berildi.
Uchinchi ma’ruzada Farg‘ona davlat universiteti 2-bosqich tayanch doktoranti Sh.M. Xasanov Kasr tartibli Katugampola–Prabhakar integral-differensial operatorlari haqida ma’lumot berdi. Ma’ruzada kasr tartibli analizning nazariy asoslari va uning differensial tenglamalardagi qo‘llanilishi keng yoritildi.
To‘rtinchi ma’ruza Qo‘qon davlat universiteti Matematika kafedrasi o‘qituvchisi J.T. Nuritdinov tomonidan “Qavariq to‘plamlarda Minkovskiy operatorlarining geometrik va topologik xossalari” mavzusida taqdim etildi. Unda qavariq analiz, geometrik strukturalar hamda topologik yondashuvlarning dolzarb jihatlari ilmiy muhokama qilindi.
Har bir ma’ruzadan so‘ng qizg‘in savol-javoblar, ilmiy munozaralar tashkil etildi. Seminar ishtirokchilari taqdim etilgan natijalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Mazkur seminar Farg‘ona vodiysida matematika sohasidagi ilmiy maktablarni rivojlantirish, hududiy ilmiy integratsiyani kuchaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.