Orqaga
Calendar icon

“Ma’rifat maydoni” — iste’dodlar maydoni

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan talaba-yoshlar o‘rtasida atoqli adib va mutafakkirlarimizning boy ijodiy merosini keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida kitobxonlik madaniyatini mustahkamlash, badiiy tafakkur va sahna mahoratini rivojlantirish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ma’rifat maydoni” Respublika ko‘rik-tanlovining Farg‘ona viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur tanlov nafaqat ijodiy bellashuv, balki chin ma’noda ma’naviyat bayramiga aylandi. Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘z jamoalari bilan ishtirok etib, o‘zbek adabiyotining durdona asarlari asosida sahna ko‘rinishlari, adabiy-badiiy kompozitsiyalar va dramatik chiqishlarni namoyish etdilar. Har bir jamoaning chiqishida obrazlar talqini, sahna madaniyati, nutq ravonligi, g‘oyaviy yondashuv hamda ijodiy topqirlik alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Tanlov jarayonlari ochiq va shaffof mezonlar asosida baholanib, hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning badiiy saviyasi, sahnadagi erkinligi, jamoaviy uyg‘unligi va tomoshabinga ta’sir kuchi sinchiklab tahlil qilindi. Ayniqsa, milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini chuqur ifodalagan chiqishlar yuqori baholandi.

Viloyat bosqichida Qo‘qon davlat universitetining iqtidorli talabalari tomonidan tashkil etilgan “Ko‘hinur” jamoasi munosib ishtirok etib, yakunda faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jamoaning har bir chiqishi puxta ssenariy, sahna bezagi va obrazlar ustida jiddiy ishlanganini yaqqol namoyon etdi. Talabalarning ijodiy yondashuvi, matnni his etib ijro etishi hamda sahnadagi tabiiyligi tomoshabinlar qalbidan joy oldi.

Tanlov doirasida jamoa a’zolarining individual mahorati ham e’tirof etildi. Xususan, Feruza Abdusamatova obrazni chuqur talqin etishi, his-tuyg‘ularni nozik ifodalashi va sahnadagi ishonarli ijrosi uchun “Eng yaxshi ayol rol ijrochisi” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi. Dilhayotjon Sotiboldiyev esa sahnadagi dadilligi, obrazga kirish mahorati va ta’sirchan nutqi bilan ajralib turib, “Eng yaxshi erkak rol ijrochisi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

“Ma’rifat maydoni” ko‘rik-tanlovi yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni milliy adabiyotimiz ruhida tarbiyalash, ma’naviy immunitetini mustahkamlash hamda yuksak estetik didni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.