Orqaga
Calendar icon

Erasmus+ dasturi: Oliy ta’limda istiqbolli loyihalar muhokamasi

Bugun dunyo ilm-fani bilan hamnafas bo‘lmagan tadqiqotchini tasavvur qilish qiyin. Shu maqsadda, Qo‘qon davlat universitetida professor-o‘qituvchilarning global akademik loyihalarda ishtirokini ta’minlashga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy spikeri sifatida taklif etilgan Erasmus+ loyihalari bo‘yicha xalqaro ekspert Lyutsiya Aysayeva yig‘ilganlarga Yevropa ta’lim tizimidagi eng so‘nggi yangiliklar va grantlar dunyosi haqida so‘zlab berdi.

Seminar shunchaki nazariy ma’lumotlar bilan cheklanib qolmadi. Unda Yevropa va dunyoning yetakchi universitetlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik stajirovka o‘tash, xalqaro talabalarga dars berish kabi noyob imkoniyatlar tahlil qilindi.

Ekspert tomonidan berilgan tavsiyalar ko‘pchilik o‘qituvchilarni qiziqtirib qo‘ydi. Lyutsiya Arturovna grant loyihalariga ariza topshirishda yo‘l qo‘yiladigan odatdagi xatolar va "yutuvchi" loyiha konsepsiyasini qanday ishlab chiqish sirlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Xalqaro grant bu nafaqat moliyaviy yordam, balki dunyoqarashni o‘zgartiruvchi va mutaxassis sifatida yangi darajaga olib chiquvchi kuchli instrumentdir", — deya ta’kidladi ma’ruzachi.

Seminar davomida ishtirokchi professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Ayniqsa, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tadbir yakunida universitet jamoasi va xalqaro ekspert o‘rtasida kelgusida hamkorlikni davom ettirish, xususan, professor-o‘qituvchilarning xorijiy universitetlarga mobil loyihalar doirasida yuborilishini jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.