Orqaga
Calendar icon

Mutaxassislarimiz xalqaro konferensiyada ishtirok etdi


Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 11–13-fevral kunlari “Accelerating English Language Learning in Central Asia” (“Markaziy Osiyoda ingliz tilini o‘qitishni jadallashtirish”) xalqaro loyihasi doirasida yirik ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman mintaqada ingliz tilini o‘qitish samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish hamda xalqaro tajribani ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Nufuzli tadbirda Qo‘qon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti o‘qituvchilari — Hayotxon Satimova va Ruxsoraxon Akbarova munosib ishtirok etib, universitetimiz ilmiy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etdilar.

Uch kun davom etgan konferensiya qizg‘in bahs-munozaralar, taqdimotlar va mahorat darslariga boy bo‘ldi. Unda ingliz tilini o‘qitishning innovatsion metodikalari, raqamli ta’lim vositalaridan samarali foydalanish, kommunikativ yondashuv hamda baholash tizimining zamonaviy shakllari atroflicha muhokama qilindi. Xorijiy ekspertlar tomonidan olib borilgan amaliy treninglar ishtirokchilarga yangi pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim ko‘nikmalar berdi.

Loyiha doirasidagi mashg‘ulotlar o‘qituvchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mustahkam professional aloqalar o‘rnatish maydoniga aylandi. Konferensiya yakunida faol qatnashgan ishtirokchilarga xalqaro darajadagi maxsus sertifikatlar topshirildi.

Mazkur ishtirok universitetimiz professor-o‘qituvchilarining xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda ingliz tilini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.