Orqaga
Calendar icon

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi keng nishonlandi

Qo‘qon shahridagi Amiriy kutubxonasida Boshlang‘ich va texnologik ta’lim fakulteti tashabbusi bilan buyuk sarkarda, davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Bobur kabi seving vatanni” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda fakultet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etib, Bobur siymosi, uning boy adabiy va tarixiy merosi, Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhini aks ettiruvchi ijodi haqida so‘z yuritildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar Boburning nafaqat yirik davlat arbobi, balki nozik didli ijodkor, mumtoz adabiyotimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan shaxs ekanini alohida ta’kidladilar. Uning mashhur “Boburnoma” asari, g‘azal va ruboiylarida Vatanga muhabbat, yurt sog‘inchi, insoniy fazilatlar ulug‘lanishi haqida atroflicha fikr bildirildi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan Bobur g‘azallari ifodali o‘qildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi hamda vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ayniqsa, “Bobur kabi seving vatanni” shiori ostida tashkil etilgan chiqishlar yoshlarda milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yakunida ishtirokchilar Bobur merosini chuqur o‘rganish, uning asarlaridan yoshlar tarbiyasida samarali foydalanish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdilar.

Mazkur tadbir yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qildi.