Orqaga
Calendar icon

Ayolga ehtirom — jamiyatga ehtirom, ilmga ehtirom — kelajakka ehtiromdir

11-fevral — Xalqaro olima ayollar kuni munosabati bilan Qo‘qon davlat universitetida “Ilm-fan taraqqiyotida ayol olimalarning o‘rni” mavzusida universitet miqyosidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur sana dunyo miqyosida ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarning fidokorona mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini mustahkamlash hamda qizlarni ilm yo‘liga keng jalb etishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida nishonlanadi.

Tadbirda Qo‘qon davlat universiteti birinchi prorektori Ahmadjon Husanov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sharifjon Po‘latov, professor-o‘qituvchilar, olima ayollar, yosh tadqiqotchilar hamda talaba-qizlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Davra suhbatida ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olima ayollarning ilmiy izlanishlari, tadqiqot natijalari hamda innovatsion ishlanmalari haqida ma’ruzalar tinglandi. Ular o‘z ilmiy faoliyatidagi tajribalar, izlanish jarayonidagi sinov va yutuqlar, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda ilmiy maktab yaratish borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy izlanishda qat’iyat, izchillik va fidoyilik muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida ayollarning nafaqat ta’lim tizimida, balki aniq va tabiiy fanlar, innovatsiya, texnologiya, tibbiyot hamda ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda ham salmoqli natijalarga erishayotgani misollar asosida ko‘rsatib berildi. Bugungi kunda universitetda faoliyat olib borayotgan olima ayollar ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida ilmiy maktablar shakllanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi.

Shuningdek, talaba-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, grant va stipendiyalar, ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qizlarning ilmiy faoliyatga qiziqishini oshirish, ularni tadqiqot jarayoniga erta jalb etish va mentorlik tizimini yo‘lga qo‘yish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Davra suhbati ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Ilmiy faoliyatni boshlash, maqola chop ettirish, grant loyihalarida qatnashish hamda xorijiy ilmiy bazalardan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida faol olima ayollarga esdalik sovg'alar topshirildi. Bunday uchrashuvlar yosh avlodni ilm sari ruhlantirish, ayollarning jamiyat va fan taraqqiyotidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Zero, ayolga ehtirom — jamiyatga ehtiromdir. Ilmga ehtirom esa — kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir.