“Giyohvandning qismati” — ogohlikka chorlovchi sahna asari
Qo‘qon davlat universiteti giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi tadbirlar doirasida San’at va sport fakultetida “Giyohvandning qismati” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan sahnalashtirilgan “TODA” nomli spektakl lavhasi tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Sahna asarida giyohvandlikka ruju qo‘yish oqibatida inson salomatligi, ijtimoiy mavqei va oilaviy munosabatlari izdan chiqishi, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning ortishiga zamin yaratilishi badiiy vositalar orqali ta’sirchan yoritildi. Tomoshabinlar spektakl orqali illatning achchiq oqibatlari haqida yana bir bor mushohada yuritish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirda fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni zararli illatlardan asrashda bunday ma’rifiy tadbirlarning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladilar. Ijodkor talabalar faoliyati e’tirof etilib, ularga kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tilandi.
Mutaxassislar qayd etganidek, giyohvandlik nafaqat shaxs salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi, balki uning ruhiy holati, mehnatga layoqati va ijtimoiy faolligini ham keskin pasaytiradi. Giyohvand moddalarni iste’mol qilish yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari hamda turli yuqumli xastaliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng achinarlisi, bu illat oilalar buzilishiga, yoshlarning jinoyat yo‘liga kirib qolishiga va jamiyatda ijtimoiy muhitning izdan chiqishiga olib keladi.
Shu bois, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini izchil davom ettirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.