Orqaga
Calendar icon

“Yosh ijodkorlar tanlovi” – iste’dodlar kashf etilgan ijodiy maydon

Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida “Yosh ijodkorlar tanlovi” yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni san’at va hunarmandchilikka keng jalb etish hamda yashirin iste’dodlarini yuzaga chiqarishga xizmat qildi.

Tanlov fakultet miqyosida e’lon qilinib, qisqa fursat ichida ko‘plab talabalar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etish istagini bildirdilar. Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ishlar asosida maxsus ko‘rgazma tashkil etildi. Unda tikuvchilik, rassomlik, bisserdan buyumlar yasash, to‘quvchilik, turli materiallardan dekorativ va amaliy buyumlar tayyorlash hamda kashtachilik yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy ishlar namoyish etildi.

Ko‘rgazmadan o‘rin olgan ishlar orasida milliy an’analar ruhida tikilgan liboslar, nafis kashtalar, rang-barang tasviriy san’at asarlari, qo‘l mehnati bilan yaratilgan bezak buyumlari va zamonaviy dizayndagi qo‘lbola mahsulotlar alohida e’tiborni tortdi. Har bir ish ortida mehnat, sabr-toqat va ijodkorlik mujassamligi yaqqol sezilib turdi.

Tadbir davomida hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ishlari badiiy did, ijro mahorati, yangicha yondashuv va estetik talablarga mosligi asosida baholandi. Eng yaxshi ijod namunalari mualliflari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Fakultet rahbariyati tomonidan ta’kidlanganidek, bunday tanlovlar yoshlarning nafaqat ijodiy salohiyatini oshiradi, balki ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, mustaqil fikrlash va tashabbuskorlik ruhini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Yosh ijodkorlar tanlovi” talabalarning iste’dodini kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishiga zamin yaratadigan muhim ijodiy maydonga aylandi.