Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlandi
Qo‘qon shahrida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbir buyuk bobokalonimizning bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida milliy g‘urur, ma’naviy yetuklik va badiiy tafakkurni mustahkamlashga qaratildi.
Mazkur tadbirda Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov, Qo‘qon davlat universiteti birinchi prorektori Ahmadjon Husanov, ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, ziyolilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Mehmonlar o‘z chiqishlarida Alisher Navoiyning jahon adabiyoti va o‘zbek ma’naviyati rivojidagi beqiyos o‘rni, uning asarlarida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, adolat, ezgulik va komillik g‘oyalari bugungi kun yoshlarini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Tadbirda Qo‘qon davlat universiteti talaba-yoshlari faol ishtirok etib, o‘zlarining badiiy va ijodiy chiqishlari bilan bayramga alohida fayz bag‘ishladilar. Dastur davomida buyuk shoir ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, Navoiy g‘azallari yuksak mahorat bilan ifodali o‘qildi, shuningdek, mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Talabalar tomonidan Alisher Navoiy asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik, vatanparvarlik, axloqiy poklik va komillikka intilish g‘oyalari badiiy ifoda orqali keng jamoatchilikka yetkazildi. Sahna chiqishlari va ijodiy kompozitsiyalar tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Bayramona va tantanavor ruhda o‘tgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar ongida buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada mustahkamlab, milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbir buyuk shoir siymosini ulug‘lash, uning boy adabiy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim ma’naviy qadamlardan biri bo‘ldi.