Orqaga
Calendar icon

Navoiy va Bobur merosi: Ilmiy talqin va zamonaviy yondashuvlar

Qo‘qon davlat universiteti Gumanitar fanlar va tillar fakultetida o‘zbek mumtoz adabiyotining ikki yirik siymosi — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari munosabati bilan "Navoiyxonlik va boburxonlik an’analari: ilmiy-nazariy va amaliy masalalar" mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etib, bobokalonlarimizning boy ijodiy merosini bugungi kun nuqtayi nazaridan o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

Seminar davomida Alisher Navoiy asarlarini bugungi yosh avlodga tushunarli tarzda o‘qitish va ulardagi chuqur falsafiy ma’nolarni to‘g‘ri talqin qilish muammolari, Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o‘rganishda innovatsion va samarali usullarni qo‘llash masalalari, ikki buyuk adib ijodini rus tiliga o‘girish, tarjima jarayonidagi badiiy va ilmiy yondashuvlar tahlili, Navoiy va Boburning faqat shoir emas, balki yirik ijtimoiy-siyosiy arbob sifatidagi faoliyati, ularning davlatchilik tariximizda tutgan o‘rni kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, bunday seminarlar nafaqat ilmiy yangiliklar almashish, balki talaba-yoshlarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher Navoiyning lirik merosi va Boburning "Boburnoma" asari bugun ham jahon tamaddunining ajralmas qismi bo‘lib qolayotgani alohida qayd etildi.