Qo‘qon davlat universitetida Yoshlar Kengashi koordinatorlari saralandi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qo‘qon davlat universiteti boshlang‘ich tashkiloti tomonidan e’lon qilingan vakant yo‘nalishlar bo‘yicha Yoshlar Kengashi hamda fakultet koordinatorligi lavozimlariga nomzodlar suhbat asosida tanlab olindi.
Saralash jarayoni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Alisher Anvarov ishtirokida ochiq va shaffof tarzda tashkil etildi. Suhbat davomida nomzodlarning tajribasi, tashabbuskorligi, yetakchilik qobiliyati, ijtimoiy loyihalar bo‘yicha g‘oyalari hamda kelgusidagi faoliyat rejalari atroflicha muhokama qilindi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarning kommunikativ ko‘nikmalari, jamoa bilan ishlash qobiliyati va mas’uliyat darajasi asosiy mezonlar sifatida baholandi. Eng munosib deb topilgan yoshlar Yoshlar Kengashi koordinatorlari hamda fakultet koordinatorlari sifatida saralab olindi.
Yakunda Qo‘qon davlat universitetida faoliyat yuritadigan Yoshlar Kengashining yangi tarkibi shakllantirildi. Ushbu kengash universitetda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, turli loyihalar va tadbirlar orqali talabalarni jamoatchilik ishlariga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Endilikda yangi koordinatorlar tengdoshlarining muammolarini o‘rganish, ularni qiziqtirgan tashabbuslarni ilgari surish, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish va yoshlar siyosatini samarali amalga oshirish yo‘lida faoliyat olib boradi.
Mazkur saralash jarayoni yoshlarning boshqaruv jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlash, ularning fikr va takliflarini qo‘llab-quvvatlash hamda universitet hayotida yoshlar rolini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.