Qo‘qon davlat universitetida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Bugun Qo‘qon davlat universitetida bitiruvchi yoshlar ishtirokida muhim uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov ishtirok etdi. “Hokim va yoshlar” nomi ostida o‘tkazilgan mazkur ochiq muloqot yoshlarda tashabbuskorlik, vatanparvarlik, ijodkorlik va ijtimoiy faollikni oshirish, shuningdek, bitiruvchi yoshlarning jamiyatdagi munosib o‘rnini belgilab berishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda universitet rahbariyati, ish beruvchi korxona va tashkilotlar, muasasalarning rahbarlari ishtirok etdi. "Biznes marafon"da turli loyihalar, bo‘sh ish o‘rinlari taqdimotlari namoyish etildi va ular bilan bitiruvchilar o‘rtasida muloqot shakllantirildi.
Tadbir davomida hokim Ma’rufjon Usmonov yoshlarga qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. U, shuningdek, bitiruvchi yoshlarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishlari, o‘z biznesini boshlash, innovasion g‘oyalarni ilgari surish va ularni amaliyotga joriy etish borasida faolroq bo‘lishga chaqirdi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Tadbirkorlikni boshlashda uchrayotgan to‘siqlar, ishga joylashish imkoniyatlari yuzasidan fikrlar bildirildi.
Shuningdek, yosh mutaxassislarni bandlik bilan ta’minlash, ularni mahalliy loyihalarga jalb etish, ilm-fan va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Hokim yoshlar bilan muloqotda ularning har bir tashabbusi, innovasion g‘oyasi va amaliy loyihalari doimo qo‘llab-quvvatlanishini, mahalliy hokimiyat doirasida ular uchun zaruriy sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida yoshlar hokimga minnatdorchilik bildirib, bunday ochiq muloqotlar kelgusida ham tizimli ravishda o‘tkazilishi lozimligini qayd etdilar.