Orqaga
Calendar icon

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, xodimlar va aziz talabalar!

Yakunlanib borayotgan 2025-yil Qo‘qon davlat universiteti tarixida muhim bosqich, keng ko‘lamli islohotlar va salmoqli yutuqlar yili sifatida muhrlanmoqda. Ushbu yil davomida universitetimiz jamoasining fidokorona mehnati, ilmiy-intellektual salohiyati va jamoaviy birdamligi natijasida ta’lim, ilm-fan hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida sezilarli natijalarga erishildi.

Avvalo, ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish va mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash borasida muhim qadamlar qo‘yildi. 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab 20 ta bakalavriat va 12 ta magistratura ta’lim yo‘nalishlarining yangidan ochilishi yoshlarimiz uchun zamonaviy kasblarni egallash, o‘z kelajagini puxta rejalashtirishda keng imkoniyatlar yaratdi. Ta’lim jarayonini samarali boshqarish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida edu-department.kokandsu.uz raqamli platformasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Universitetda xalqaro ta’lim tajribasi izchil joriy etilib, iqtisodiyot, menejment va bank ishi yo‘nalishlarida o‘quv jarayonining to‘liq ingliz tilida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. O‘quv dasturlari jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida yangilanib, ta’lim mazmuni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

2025-yil ilm-fan va ilmiy salohiyatning yuksalishi bilan ham e’tiborga molik bo‘ldi. Yil davomida 8 nafar professor-o‘qituvchi fan doktori (DSc), 58 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda universitetda 278 nafar fan doktori va falsafa doktori faoliyat yuritib, ilmiy salohiyat 44,4 foizga yetkazildi. Xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda yuzlab ilmiy maqolalar chop etildi, ixtiro va dasturiy mahsulotlar yaratildi, darslik va monografiyalar nashr etildi.

Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham muhim natijalarga erishildi. Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan 17 ta xalqaro memorandum imzolandi, Erasmus+ va boshqa grant dasturlari doirasida mablag‘lar jalb qilindi. Talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligi sezilarli darajada kengaydi, xorijiy professorlar va talabalar o‘quv jarayoniga jalb etildi.

Yangi yil arafasida universitetimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning sa’y-harakatlaringiz, tashabbuskorligingiz va fidoyiligingiz Qo‘qon davlat universitetining nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Kirib kelayotgan Yangi yil barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy fayz-u baraka, ilmiy va ijodiy zafarlar, yangi marralar olib kelsin. Jamoamiz kelgusi yilda ham yuksak maqsadlar sari yanada dadil qadam tashlashiga ishonaman.

Yangi yil muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,

Dilnoza Xodjayeva

Qo‘qon davlat universiteti rektori