“Yil sarhisobi” — quvonch, ijod va yangi orzular bilan yo‘g‘rilgan bayram kechasi
Qo‘qon davlat universitetining Pedagogika va psixologiya fakultetida tashkil etilgan “Yil sarhisobi” nomli Yangi yil bayram tadbiri samimiy muhit, ko‘tarinki kayfiyat va bayramona shukuhda bo‘lib o‘tdi. “Turon” madaniyat saroyida o‘tkazilgan mazkur tadbir talaba-yoshlarning ijodiy salohiyati, faolligi va jamoaviy birdamligini yana bir bor namoyon etdi.
Bayram dasturi davomida talabalar tomonidan tayyorlangan rang-barang sahna chiqishlari, quvnoq va ta’sirchan teatr ko‘rinishlari, jozibali kuy-qo‘shiqlar, nafis raqslar hamda badiiy va she’riy kompozitsiyalar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Har bir chiqish yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yorqin xotiralarni o‘zida mujassam etib, zalda yig‘ilganlarning qiziqishi va olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir jarayonida yil davomida o‘qish, ilm-fan va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalar e’tirof etilib, ularning mehnati va sa’y-harakatlari alohida ta’kidlandi. Bu esa yoshlarni yanada faol bo‘lishga, yangi marralar sari intilishga ruhlantirdi.
“Yil sarhisobi” bayram tadbiri nafaqat o‘tgan yilni sarhisob qilish, balki Yangi yilni ezgu niyatlar, katta reja va orzular bilan qarshi olishga xizmat qildi. Ushbu kecha ishtirokchilar xotirasida quvonch, kulgu, yorqin lahzalar bilan muhrlanib qoldi.