Xalqaro Yangi yil festivali — birlik va hamjihatlik timsoliga aylandi
Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida “Xalqaro Yangi yil festivali” katta tantana va bayramona ruhda tashkil etildi. Mazkur festival fakultet jamoasi, talabalar hamda mehmonlar uchun chinakam madaniy bayramga aylandi.
Tadbirning asosiy maqsadi turli millat va elat vakillarining urf-odatlari, milliy qadriyatlari va boy madaniy merosini targ‘ib etish, talabalar o‘rtasida do‘stlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Festival doirasida dunyoning 18 ta davlatiga mansub milliy madaniyatlar, an’anaviy liboslar, kuy-qo‘shiqlar hamda raqslar namoyish etildi.
Shuningdek, festival jarayonida fakultet hayotida faol ishtirok etib kelayotgan, o‘qish va jamoat ishlarida alohida faollik ko‘rsatgan iqtidorli talabalar taqdirlandi. Ularga diplomlar topshirilib, kelgusidagi faoliyatlariga ezgu tilaklar bildirildi.
Talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, teatrlashtirilgan chiqishlar va badiiy kompozitsiyalar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Har bir chiqishda muayyan xalqning o‘ziga xos urf-odatlari, bayram an’analari va qadriyatlari yorqin ifoda etildi.
“Xalqaro Yangi yil festivali” nafaqat bayramona tadbir, balki turli madaniyatlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim madaniy tadbir bo‘lib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat hamda unutilmas taassurotlar ulashdi.