Orqaga
Calendar icon

Yangi yil — bolajonlar uchun mehr va quvonch bayrami


Qo‘qon shahrida joylashgan eshitish nuqsoniga ega bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda Yangi yil bayrami munosabati bilan unutilmas tadbir bo‘lib o‘tdi. Qo‘qon davlat universiteti Surdopedagogika yo‘nalishi talabalari hamda Maxsus pedagogika kafedrasi dotsenti Xurshidaxon Rahimova tomonidan tashkil etilgan “Yangi yil – quvonch va mehr bayrami” nomli bayram tadbiri bolajonlarga chinakam bayram kayfiyatini ulashdi.

Tadbirning asosiy maqsadi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, bo‘lajak surdopedagog talabalarning kasbiy-amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Bayram orqali bolalarning qalbiga quvonch, ishonch va ezgulik urug‘lari sochildi.

Bayram dasturi rang-barang sahna ko‘rinishlari bilan boshlandi. Talabalar tomonidan tayyorlangan qiziqarli chiqishlar, quvnoq raqslar, ifodali she’rlar hamda interfaol o‘yinlar bolalarning katta qiziqishi va faol ishtiroki bilan o‘tdi. Har bir chiqish bolajonlarning yuzida tabassum uyg‘otib, zalda samimiy va iliq muhitni yaratdi. Tadbir so‘ngida esa bolajonlarga Yangi yil sovg‘alari ulashildi

Mazkur bayram tadbiri inklyuziv ta’lim tamoyillarini amalda namoyon etib, mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy mas’uliyat kabi yuksak qadriyatlarni targ‘ib etdi.