Orqaga
Calendar icon

Talabalar teatr studiyasi: iqtidor va mahorat sinovi


“Talabalar oyligi” tadbirlari doirasida Qoʻqon davlat universitetida “Talabalar teatr studiyasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovda jami 7 ta jamoa ishtirok etib, tomoshabinlar e’tiboriga milliy va zamonaviy dramaturgiya asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlarini havola qildi.

Ishtirokchi jamoalar “Maysaraning ishi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Tog‘lik kuyov”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “O‘tgan kunlar”, “Temir xotin” hamda “Chinor ostidagi duel” asarlari asosida sahnalashtirilgan chiqishlari bilan bellashdi.

Tanlov davomida sahnalashtirilgan asarlar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olindi. Ayniqsa, hayotiy voqealar, milliy qadriyatlar va ijtimoiy muammolarni o‘zida mujassam etgan sahna asarlari zalda yig‘ilgan tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Ba’zi spektakllar davomida tomoshabinlar kulgi va hayajonni yashira olmagan bo‘lsa, ayrim dramatik sahnalar zalda sukunat hukm surishiga sabab bo‘ldi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra,

1-o‘rin Gumanitar fanlar va tillar fakultetining “Milan” jamoasiga,

2-o‘rin Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetining “Parvoz” jamoasiga,

3-o‘rin esa Gumanitar fanlar va tillar fakultetining “Havokand” jamoasiga nasib etdi.

Shuningdek, tanlov doirasida maxsus nominatsiyalar ham e’lon qilindi. “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasi “Maysaraning ishi” spektaklida Maysara obrazini ijro etgan Marjona Jabborovaga topshirildi. “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasiga esa “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida Rejisiyor rolini mahorat bilan ijro etgan Ramiz Istatkulov loyiq deb topildi.

Mazkur ko‘rik-tanlov talabalarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qildi.