Xalqaro ta’lim hamkorligi: maxsus pedagogika yo‘nalishida onlayn maktab o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti Pedagogika-psixologiya fakultetining Maxsus pedagogika kafedrasi va Magistratura bo‘limi hamda Rossiyaning Shimoliy (Arktika) federal universiteti Defektologiya fakulteti hamkorligida “Mutaxassislik sari qadam” nomli xalqaro Rossiya–O‘zbekiston onlayn maktabi tashkil etildi.
Tadbirda ikki oliygohning Maxsus pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavr va magistratura bosqichi talabalari faol ishtirok etdilar. Onlayn maktabning asosiy maqsadi — maxsus pedagogika sohasida o‘qiyotgan yoshlar o‘rtasida ilmiy-amaliy tajriba almashish, kasbiy kompetensiyalarni oshirish hamda xalqaro muloqot maydonini shakllantirishdan iborat.
Dastur doirasida o‘tkazilgan “Mahorat yo‘li” virtual ko‘rgazmasida Rossiya va O‘zbekiston talabalari tomonidan yaratilgan logopedik qo‘llanmalar onlayn formatda namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazma talabalar ijodkorligini rivojlantirish, logopedik mahoratni oshirish va nutq texnologiyalarini qo‘llay bilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga yo‘naltirildi.
Xalqaro onlayn maktab ikki davlat o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelajak mutaxassislarining bilim va tajribasini boyitish, maxsus pedagogika yo‘nalishida yangi g‘oyalar va yondashuvlarni tatbiq etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.