Milliy cholgʻular uygʻunligi: Qoʻqon davlat universitetida xalqaro vebinar oʻtkazildi
Qoʻqon davlat universiteti Cholgʻu ijrochiligi kafedrasi hamda Qirgʻiziston Respublikasining Qirgʻiz–Turk Manas universiteti hamkorligida “Cholgʻu ijrochiligi integratsiyasi (oʻzbek–turk–qirgʻiz milliy cholgʻulari misolida)” mavzusida xalqaro vebinar tashkil etildi.
Tadbirda ikkala oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari, magistrantlar va talabalarning faol ishtiroki taʼminlandi. Vebinar davomida turli xalqlarning milliy cholgʻulari, ularning kelib chiqish tarixi, ijrochilik uslubi va musiqiy madaniyatdagi oʻrni haqida ilmiy maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, oʻzbek, turk va qirgʻiz xalqlarining musiqiy anʼanalari, cholgʻu asboblarining oʻziga xos tovushi hamda ijro uslublarining oʻxshash va farqli jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar xalq ijodiy merosini asrab-avaylash, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va ijrochilik sanʼatini rivojlantirish borasida oʻz takliflarini ilgari surdilar.
Vebinar jarayonida professor-oʻqituvchilar hamda talabalar tomonidan milliy cholgʻularda jonli ijrolar taqdim etilib, turli madaniy chiqishlar orqali xalq musiqasining goʻzalligi va boy anʼanalari namoyish etildi.
Tadbir yakunida tomonlar ijrochilik sanʼatini rivojlantirish, milliy musiqiy qadriyatlarni oʻrganish va bu yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish istagini bildirdilar.