Rossiyalik professor Qo‘qon davlat universitetida dars mashg‘ulotlari o‘tmoqda
Qo‘qon davlat universitetiga Plekhanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Nataliya Yurevna Fominyuk tashrif buyurdi.
Tashrif 2025-yil 9–15-noyabr kunlari davom etadi. Mazkur tashrif universitetning Pedagogika kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, professor Fominyuk 30 soatlik o‘quv mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
U o‘z mahorat darslarini “Ta’limda innovatsion texnologiyalar”, “Ta’lim menejmenti va sifatni boshqarish”, hamda “Zamonaviy pedagogik yondashuvlar” fanlari bo‘yicha o‘qimoqda. Ma’ruzalar jarayonida professor talabalarni ta’limdagi ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion yondashuvlar, menejment tizimi va sifat nazoratining zamonaviy mexanizmlari bilan tanishtirmoqda.
Tadbir davomida ta’lim jarayonini takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni o‘quv dasturlariga integratsiya qilish, shuningdek, xalqaro ta’lim standartlari asosida dars jarayonini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Professor Fominyukning tashrifi Qo‘qon davlat universiteti va Plekhanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim sohasida tajriba almashish va ilg‘or xorijiy uslublarni o‘quv jarayoniga joriy etishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida professor hamkasblari bilan ilmiy-metodik tajriba almashish, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari xususida ham fikr almashishi rejalashtirilgan.