Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi Praga shahridagi Pedagogika muzeyida bo‘ldi
Hozirda Chexiya safarida bo‘lib turgan Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi delegatsiya Praga shahrida joylashgan dunyoga mashhur Yan Amos Kamenskiy nomidagi Pedagogika muzeyiga tashrif buyurdi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya muzey ma’muriyati tomonidan iliq kutib olindi. Muzey faoliyati, tarixi va undagi eksponatlar bilan yaqindan tanishilgan uchrashuv davomida o‘zaro tajriba almashildi. Universitet rektori Dilnoza Xodjayeva faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining tilaklarini yozib qoldirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar kelgusida hamkorlikda ishlash, xususan, Qo‘qon davlat universiteti qoshida "Milliy ta’lim muzeyi"ni tashkil etish bo‘yicha fikr almashishdi. Ushbu tashabbus ikki tomonlama ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, tarixiy-ma’naviy merosni keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 1892-yilda asos solingan mazkur muzey IX asrdan to hozirgi kungacha ta’lim sohasida yuz bergan eng muhim tarixiy bosqichlar va jarayonlar haqida boy materiallarga ega. Muzey eksponatlari jahon ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotiga oid noyob manbalarni o‘z ichiga oladi.
Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasining Chexiyadagi ushbu tashrifi xalqaro ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lmoqda.